"12 yoshli Doniyor mashhur frantsuz rejissyori Lyuk Bessonga xat yozadi. Unda oʼzini tugʼruqxona yonidagi mashina ichida dunyoga kelgani, ota-onasini juda ham yaxshi koʼrishi haqida yozilgan edi. Uning ota-onasi Lyuk Besson suratga olgan “Taksi” fil'mini juda yaxshi koʼrishardi. Ular bu fil'mni koʼrib, bola koʼrishsa, unga Daniel, deb ism qoʼymoqchi boʼlishadi. Аmmo, oʼzbekchada bunday ism yoʼqligi uchun bolaga, “Doniyor” deb ism qoʼyishadi. Onasi homiladorligida, oʼsha fil'mni koʼrayotgan vaqtida, toʼlgʼoq tutib qoladi va otasi homilador ayolini bir amallab tugʼruqxona eshigiga yetkazib olib boradi. Soʼng, Doniyor bir-ikki yoshligida, ular «Taksi 2» fil'mini koʼrishadi. Doniyor ham bu fil'mni shunchalik yaxshi koʼrganidan, agar bu fil'm ketayotganda televizor oʼchib qolsa, yigʼlab yuborardi. Doniyor sal kattaroq boʼlgach, otasi ishlaydigan avtoservisda mashinalarga qiziqa boshlaydi. U juda zehnli edi. U hattoki, mashina tuzatishni va haydashni ham bilardi. Bu vaqtda, u “Taksi 3” fil'mini koʼrardi. U bu vaqtda hattoki, katta yigitlarni ham, poygada yutadi. Bu albatta hayratlanarli edi. “Taksi” fil'miga bunchalik berilgan, bu fil'm qahramoniga qiziqib, avtomobillarni shunchalik yaxshi oʼrgangan, bu bolaning taqdiri qanday kechadi? Uning xati Lyuk Bessonga yetib boradimi?
"