Nargiza oilada juda ham ibratli farzand. U institutda oʼqib, musiqa oʼqituvchisi boʼlishni istaydi. Аmmo, otasi bunga qarshi. Shunda Nargiza “boshimdagi roʼmolimni yechmayman, hech qachon yuzingizni yerga qaratmayman” deb, otasiga soʼz berib, Toshkentda oʼqishga ruxsat oladi. Oradan yillar oʼtadi. U oʼqishni bitiradi. Boshliqning bergan nojoʼya taklifi tufayli ishlab turgan ishxonasidan voz kechadi. Boshqa ishga oʼtadi. Hattoki, qiynalgan vaqtlarida, xonalarni tozalaydi ham. Аmmo, oʼz nomusi, gʼururidan kechmaydi. Turmushga chiqib, homilador boʼlganda, eri Аbror aka ijarada yashayotganlari uchun “bolani oldir” desa ham, oldirmaydi. Erini qiynalish joniga tegib, oilasidan voz kechib, bir badavlat ayolga uylanib ketadi. Аmmo, Nargiza oʼgʼli Zafarjonni dunyoga keltirib, voyaga yetkazadi. Uni katta sanʼatkor boʼlishini orzu qiladi. Oʼzi esa, baribir ijoddan va intilishdan toʼxtamaydi. Nargiza oʼz orzulariga erisha oladimi?